Текст песни Ziyoda — Gul edim

Gul edim…
Gul edim, bog`imdan erta uzdilar,
Murg`ak hayotimning qasrin buzdilar.
Orzu-havaslarim dunyocha edi,
Bo`g`zimga nopoklar qo`lin cho`zdilar.
Gul edim, gul edim…

Tonglarni shom qilar nafs bandalari,
Elni badnom qilar nafs bandalari.
Ko`z yoshni sharobdek quyib ichmoqqa
Kaftini jam qilar nafs bandalari.
Gul edim, gul edim…

Ona, ortimdagi ovoraginam,
Yig`idan ko`z yoshi favvoraginam,
Taqdirim o`nglashga ming bor urinib,
Erisha olmagan bechoraginam.
Gul edim…

Men netay, hayotga boqib ulgurmay
Baxtsizman, baxt shamin yoqib ulgurmay.
Qumloqlarga singib quridi qancha
Jilg`alar soy tomon oqib ulgurmay.
Gul edim, gul edim…

Dilimdan otilib chiqolmas faryod,
Sir bo`lgan sevgimni qildilar barbod.
Haqli edim sevgan yorim vasliga,
Yetmadim yomonlar dastidan, ming dod!
Gul edim, gul edim…

Baxtimni sotdingiz, jon otajonim,
Gunohga botdingiz, jon otajonim.
Hayot ato qilib, so`ng xato qilib,
Qaylarga otdingiz, nomehribonim.
Gul edim, gul edim, gul edim…